Qo‘ng‘irot tumanidagi yangi korxonalar faoliyati ko‘zdan kechirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Qo‘ng‘irot tumanida yangi ish o‘rinlarini yaratish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi «Olmazor» mahallasi hududida «ULUGBEK KIYET» MCHJ tomonidan ishga tushirilgan avtomobillarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan 129-sonli farmoni asosida yangi xizmat ko‘rsatish obyekti uchun yer maydoni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratib berilgan. Loyiha ishga tushirilishi natijasida 15 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Prezidentimizning 129-sonli farmoni asosida yer maydoni ajratilib, yangidan qurilayotgan «Regal Bereket Team» MCHJning savdo markazi, shuningdek, imtiyozli kredit mablag‘lari asosida yangidan ishga tushirilishi belgilangan, qurilishi yakunlanish arafasida turgan nodavlat maktab qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Qurilish ishlarini sifatli qilib yakunlash, obyektlarni ishga tushirishda yaqindan ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Bundan so‘ng «Qo‘ng‘irot» OFYda «YULDASH ALIXAN» MCHJ tomonidan 60 yangi ish o‘rni yaratishga qaratilgan, 1,2 mln. dollar mablag‘ asosida yangidan qurilayotgan tuzni qayta ishlash zavodi ko‘zdan kechirildi.
Hozirgi vaqtda mahsulotlarini ichki bozor va eksportga yo‘naltirib turgan va 70 fuqaroning bandligi ta’minlangan «Olmazor» MFYdagi «TURAN GOLD PROM» MCHJning texnik tuz ishlab chiqaruvchi korxonasiga Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan 213-sonli farmoni asosida 10 mlrd. so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.
«BRICH PRODUCT» MCHJ tomonidan mebel uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 1 mln. dollar bo‘lib, bugungi kunda 50 kishi ish bilan ta’minlangan. Mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilmoqda. Korxona o‘z faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida bojxona imtiyozidan foydalanib kelmoqda.
«Hakim ata» MFYda yashovchi Xudaybergenov Shuxrat tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari asosida ishga tushirilgan mebel ishlab chiqarish loyihasi ish boshlashi natijasida qo‘shimcha 6 kishining bandligi ta’minlangan.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan tanishdi. Tashabbuskorlar bilan yaqindan muoqot qildi. Ularning ishlari doimo qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi. O‘z navbatida, biznes vakillari ham Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha berilgan imtiyozlar uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorligini bildirdi.