Qo‘ng‘irot tumanida fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash va daromad olishiga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar ko‘zdan kechirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Qo‘ng‘irot tumanidagi «Qo‘ng‘irot» OFY hududida yashovchi tomorqa yer egasi Orazbayev Turg‘anbay, o‘z brendiga ega «SarbiRamazan» biogumus ishlab chiqarish firmasi egasi «Sanoat» mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarosi Dao‘letiyarov Bayrambay hamda, asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan Jumaniyazov Mansurning ishlari bilan tanishdi. Tomorqalardagi hosil olish bo‘yicha tashkil etilgan ishlar ko‘zdan kechirilib, ozgina yerni yuqori daromad manbaiga aylantirishga qaratilgan bunday tajribalar ko‘pchilikka namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
«Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida imtiyozli kredit olib, o‘z xonadonida mebel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan Begzad Ashirovning ishlari borib ko‘rildi. Tadbirkorlikni kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilib, ular doimiy qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
«Kiyet» OFY hududida «O‘zsanoatqurilishbank» tomonidan «Bir kontur bir mahsulot» mezoni asosida 15 gektar yer maydonida amalga oshirilayotgan loyiha ko‘rib chiqildi. Biriktirilgan fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish bo‘yicha ushbu tashabbusni to‘liq amalga oshirishda barcha choralarni ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi «Almazar» MFY hududidagi ijtimoiy uy aholisi bilan uchrashdi. Ularning muammolarini tinglab, mutasaddilarga ko‘tarilgan masalalarga tez fursatda ijobiy yechim topish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.