Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga bordi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Prezidentimiz topshirig‘i bilan Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida dastlab «2 Point Zero» kompaniyasi ijrochi direktori Maryam Al-Mxeiri bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda dastlab hurmatli Prezidentimiz va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan va tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va yaqin sheriklik aloqalari haqida batafsil so‘z yuritildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning investitsion salohiyati, iqtisodiy ko‘rsatkichlari, istiqbolli xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Unda kompaniyaning moliyaviy xizmatlar, sun’iy intellekt texnologiyalari, muhim resurslar, raqamli transformatsiya va boshqa yo‘nalishlardagi tajribalari haqida ta’kidlanib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi mavjud konlarda hamkorlikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va ekologik xavfsiz o‘zlashtirish, ikki mamlakat universitetlari va ilmiy muassasalari bilan birgalikda qo‘shma tadqiqot markazlari va kadrlar tayyorlash dasturlarini tashkil etish, respublikamizning turizm sohasida hali ochilmagan imkoniyatlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng «Burjeel holdings» va «Life Pharma» kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Yetakchi integratsiyalashgan hususiy tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalardan biri bo‘lgan «Burjeel holdings» vakillari bilan muzokaralarda tibbiy yordam sohasida mutaxassislarni tayyorlash, diagnostika, profilaktika, sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, mahalliy shifokorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istondagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratoni kasalligini erta bosqichda aniqlash maqsadida mobil mammografiya uskunalari yetkazib berish va yuqori tajribaga ega mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ta’kidlash joizki, Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirliklarining «Xalifa Bin Zayed Al Nahayan» fondi tomonidan 28 million dollar donorlik mablag‘lari asosida «Ona va bola» klinikasi qurilayotgan bo‘lib, muzokaralarda ushbu klinika foydalanishga topshirilgandan so‘ng, «Burjeel holdings» kompaniyasi boshqaruviga olish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
«Life Pharma» kompaniyasi vakillari bilan farmatsevtika sohasini rivojlantirish, Qoraqalpog‘istonda o‘sadigan, xalqaro darajada yuqori eksportga ega dorivor o‘simliklardan biri bo‘lgan qizilmiya ildizini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.
O‘tkazilgan uchrashuvlarda qator manfaatli kelishuvlarga erishildi, muhim shartnomalar imzolandi. Hamkorlik bo‘yicha istiqbolli loyihalar keng muhokama qilindi. Birlashgan Arab Amirliklariga bo‘lgan amaliy tashrif davom etadi.