Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining BAAga tashrifi doirasida muhim kelishuvlarga erishildi
Birlashgan Arab Amirliklarida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Amirlikning qator yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.
Dastlab Milliy meteorologiya markazi Bosh direktori Abdulla Ahmad Al-Mandus bilan uchrashuvda meteorologik va iqlimiy kuzatuvlar bazasini yaratish, Orolbo‘yi hududining qurg‘oqchil iqlimi sharoitida yog‘ingarchilikni modifikatsiyalash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi. Muloqot natijalari bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilishi va Milliy meteorologiya markazi mas’ullarining O‘zbekiston, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.
Bundan so‘ng "Tatweer Holding" kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda blokcheyn loyihalarini amalga oshirish, yuqori tezlikdagi internet va data-markazlarga ega texnoparklarni hamda blokcheyn texnologiyalari bo‘yicha o‘quv markazlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Kun davomida "Xalifa bin Zoid Ol Nahayon" fondi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar davomida Nukus shahrida qurilayotgan "Onalar va bolalar markazi"ni ishga tushirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tegishli mutasaddilar bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilib, mas’ullar belgilab olindi.
Abu-Dabi (ADFD) taraqqiyot fondi rahbarlari bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘istonda qo‘shma texnoparklar, o‘quv markazlari ochish, yo‘l qurilishi, ekologik vaziyat, suv ta’minotini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Shuningdek, mintaqaning eng katta muammosi - Orol dengizining G‘arbiy qismini saqlab qolish masalalari muhokama etildi.
"ADQ" kompaniyasi bilan uchrashuvda sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan foydali qazilmalarning istiqbolli hududlarini birgalikda o‘zlashtirish va sohaga investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi. Abu-Dabi Savdo-sanoat palatasi rahbarlari bilan ham uzoq muddatli to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va kompleks loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
"ADNOC Gas" rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida gazni qayta ishlash va suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.