Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif doirasida muhim kelishuvlar imzolandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Ras-al-Xayma Amiri Shayx Saud bin Sakr Al Qosimiy bilan uchrashdi.
Unda Qoraqalpog‘istonning yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi va iqtisodiy salohiyati, o‘ziga xos geografik joylashuvi, turizm, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasidagi imkoniyatlari qayd etildi. O‘zbekiston, shu jumladan Qoraqalpog‘istonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga alohida qiziqish bildirilib, Qoraqalpog‘istonda ushbu mahsulotlarni yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Bundan so‘ng, dunyo bo‘yicha yirik keramika va santexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan RAK Ceramics kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Dastlab kompaniya pavilonida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar - keramik plitkalar, sanfayans, mozaika, interer va eksterer uchun yechimlar, xomashyodan tayyor mahsulotlargacha bo‘lgan to‘liq tijorat liniyasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mahalliylashtirilgan keramik mahsulotlar va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida "ASR RENT A CAR" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, birgalikda loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 43 mln. dollarlik investitsiya mablag‘lari asosida Monobloklar ishlab chiqarish loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi va shartnoma imzolandi.
Umuman ochiq va konstruktiv ruhda o‘tkazilgan uchrashuvlarda tomonlar o‘zaro hamkorlik, imkoniyatlardan samarali foydalanib, muhim loyihalar ustida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha kelishib oldilar. 20 ga yaqin xorijiy kompaniyalar bilan 100 mln. dollarlik eksport bo‘yicha shartnomalarni imzolash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasining Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi yakunlandi.