Yashil iqlim fondi ijrochi direktori bilan uchrashuv o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Xalqaro Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duarte bilan uchrashdi.
Ta’kidlash joizki, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi boshchiligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining Koreya davlatiga tashrifi davomida fond bilan yaqin sheriklik o‘rnatish va hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib olinib, fond vakillari Qoraqalpog‘istonga taklif etilgan edi. Bugungi o‘tkazilgan uchrashuv ana shu o‘rnatilgan munosabatlarni mustahkamlash borasidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
O‘tkazilgan uchrashuvda so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish, hududdagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish, fuqarolarning turmush farovonligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng turda muhokama qilindi.
Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasida aholining yashash sharoitini yaxshilash, ekologik ta’sirlarni yumshatish maqsadida xalqaro donor tashkilotlarning grant mablag‘larini jalb qilish, mintaqada ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha hamkorlar tajribasi asosida innovatsion yechimlarni topish masalalari haqida so‘z bordi.
O‘z navbatida mehmonlar samimiy uchrashuv uchun respublika rahbarlariga minnatdorchilik bildirdi hamda hamkorlikni yanada kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash borasida fikrlarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi hamkorlikni yanada kengaytirish borasida doimo muloqotga tayyorligini va har qanday tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.