Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Taxtako‘pir tumanidagi yangi loyihalar va fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish ishlarini borib ko‘rdi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi "Qaraoy" OFY hududida joylashgan "KAUSAR TEGIRMON" MCHJ korxonasining Chorvachilik loyihasi bo‘yicha amalga oshirgan ishlari bilan tanishdi. Ta’kidlash joizki, 2025-yil davomida korxona tomonidan umumiy qiymati 32,0 mlrd. so‘mlik chorvachilikni rivojlantirish va sutni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Bugungi kunda chorvachilik kompleksiga 120 bosh naslli qoramollar olib kelinib, parvarishlanmoqda.
Bundan so‘ng "KAUSAR TEGIRMON" MCHJning qiymati 878,0 ming dollarlik "Junni qayta ishlash" loyihasi doirasida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik uskunalar va mahsulot tayyorlash bosqichlari ko‘zdan kechirildi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi ushbu hududda joylashgan, Germaniyaga eksportini amalga oshirayotgan "Good Salt production" MCHJ tomonidan tashkil etilgan "Osh tuzini ishlab chiqarish" korxonasida bo‘lib, ushbu loyihaning amalga oshirilishi, ishlab chiqarish quvvatlari va yaratilgan ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishdi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi "Taxtako‘pir" SHFY hududida tashkil etilgan kichik sanoat zonasida bo‘lib, shu hududda faoliyat yuritayotgan "From Mebel" xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan "Mebel ishlab chiqarish" sexining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Bundan so‘ng, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tumandagi "Dao‘qara" OFY hududida "Taxtako‘pir Gold Tekstil Mahsulotlari" MCHJ tomonidan tashkil etilayotgan to‘qimachilik loyihasi bilan yaqindan tanishdi.
Prezidentimizning 129-sonli farmoniga asosan ushbu investitsiya loyihasi uchun 4,5 gektar yer maydoni ajratildi. Umumiy qiymati 25,4 mln AQSH dollari bo‘lgan loyihaga muvofiq yiliga 5 ming tonna ip ishlab chiqarilib, yiliga 11,1 mlrd. so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. To‘liq ishga tushishi natijasida 257 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tumanga tashrif davomida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tumandagi "O‘zbekiston" MFY hududida yashovchi N.Fayzullayev, N.Ametov, O.Temirbekov va "Aydin jol" MFYda yashovchi M.Dao‘letyarovlarning xonadonida bo‘lib, tomorqa yer egalari bilan yaqindan suhbatlashdi. Ularning ozgina yerdan mo‘l daromad olayotgani yuqori baholandi.
O‘rmon xo‘jaligi yer maydonlari ham ko‘zdan kechirildi. Kuzgi daraxt ekishga yerlarni va ko‘chatlarni tayyorlash, ishlarni uyushqoqlik bilan olib borish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Tumandagi "A.Adilov" OFY hududidagi "Torang‘il-say" va "Atakol" OFY hududida joylashgan "Tayimbet" fermer xo‘jaliklaridagi ishlar ham ko‘zdan kechirildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida suv ortiqcha sarflanishining oldini olish, hosildorlikni oshirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha bu ishlarni tizimli ravishda davom ettirish lozimligi ta’kidlandi.