Jo‘qorg‘i Kenges Raisi rahbarligida Taxtako‘pir tumanini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Taxtako‘pir tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan majlis o‘tkazdi.
Unda dastlab amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘rganishlar natijalari, tumandagi investitsiya loyihalari, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning oilalarida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, obodonlashtirish ishlari va iqtisodiy ko‘rsatkichlar chuqur tahlil qilinib, yo‘llarni ta’mirlash, ijtimoiy obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bo‘yicha mavjud muammolar va ularni hal etish masalalari muhokama qilindi.
Mahallalarda fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish, uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilishiga yaqindan yordam berish, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish kabi muhim ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Majlis davomida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan ta’kidlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilot va mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab olindi.
Majlisda Taxtako‘pir tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, o‘z vazifasini bajarishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim rahbar va mutasaddilarga intizomiy jazo chorasi qo‘llash, o‘z vazifasini bajarishda loqaydlikga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarni lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.