Jo‘qorg‘i Kenges Raisi "Imkon" tashkilotidagi bolalarni bayram munosabati bilan tabrikladi
"1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni" bayrami respublikamiz bo‘ylab joylarda keng nishonlanmoqda.
Bugun Nukus shahridagi "Imkon" reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida sana munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, bu yerda tarbiyalanayotgan bolalarni bayram munosabati bilan tabrikladi.
Aytib o‘tish joizki, bugungi kunda yurtimizda Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida yoshlarning, bolalarning ta’lim olishi, salomatligining mustahkam bo‘lishi, barkamol inson bo‘lib kamol topishi uchun ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Eng chekka hududlarda ham zamonaviy bolalar bog‘chalari, maktablar, madaniyat va sport obyektlari foydalanishga topshirilmoqda.
Yurtimizda hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi. Orolbo‘yi bolalari uchun maxsus qurilgan ushbu reabilitatsiya markaziga ega bolalar bog‘chasida ham bir qator tarbiyalanuvchilar o‘qib, ta’lim olmoqda. Shuningdek, salomatligini tiklayapti. Bolalar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan. Ularning salomatligi doimiy nazoratga olingan va tajribali tibbiyot xodimlari hamda pedagog ustozlar tun-u kun fidokorona mehnat qilmoqda.
"Imkon" tashkilotida o‘tkazilgan tadbirda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan bolalarga bayram munosabati bilan sovg‘alar topshirildi.
Bayram tadbiri bolalar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.