Beruniy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Beruniy tumanida respublika idora-tashkilotlari, tuman faollari ishtirokida majlis o‘tkazdi.
Unda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi berilgan topshiriqlar bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining ijrosi masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, tumanni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur asosida bir qator vazifalar belgilab berilgan bo‘lib, muammolarni hal etish maqsadida hurmatli Prezidentimiz tomonidan barcha imkoniyatlar yaratib berilgan, moliyaviy manbalar ham hal qilib berilgan. Lekin, ayrim joylarda mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayapti.
Xususan, mahallalardagi ishlarning amalda bajarilishi, taqdim etilgan hisobotlarda qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yilganligi, obodonlashtirish, fuqarolar bandligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarning talab darajasida emasligi tanqid qilindi. Mas’ullar ogohlantirilib, ayrimlariga intizomiy jazo chorasi qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘tkazilgan majlis davomida tez fursatda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilanib, aniq topshiriqlar berildi va o‘z vazifasini bajarishga loqaydlik bilan qarayotgan rahbarlar qat’iy ogohlantirildi.