Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining ikkinchi sessiyasi to‘g‘risida axborot
2024-yilning 26-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining ikkinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Hukumat a’zolari, Respublika sektor va soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.
Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori bilan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
Yaqinda Prezidentimiz raisligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda hurmatli Prezidentimiz kirish so‘zida eng avvalo, Qoraqalpog‘istonda bu yil - barakali yil bo‘ldi - deb alohida aytgan edi.
Haqiqatdan ham joriy yil "Qoraqalpog‘iston yili" bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. So‘nggi yillar qatorida joriy yilda ham ko‘plab yuksak marralarga erishildi, xalqimizning turmush farovonligini oshirish yo‘lida ko‘plab yengilliklar berildi, bu o‘z navbatida fuqarolarimizning bugungi turmushidan roziligida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. Albatta, bunday ko‘rsatkichlarga erishishda birgina Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan, juda muhim bo‘lgan 15 dan ortiq tarixiy farmon va qarorlarning o‘rni alohida sanaladi.
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, ushbu yig‘ilishda ko‘tarilgan barcha masalalar va har bir tashabbus muhtaram Prezidentimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi hamda tegishli soha rahbarlariga aniq topshiriqlarni belgilab berdi.
Sessiyada Jo‘qorg‘i Kenges Raisi shunday keng imkoniyatlarning yaratib berilishi orqali kelgusi 2025-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor maqsadlarga erishish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olinganligini ta’kidladi.
Kun tartibidagi dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ushbu masala deputatlar tomonidan batafsil ko‘rib chiqildi va qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosarlarini va Vazirlar Kengashi a’zolarini tayinlash to‘g‘risidagi masala bo‘lib, o‘tgan birinchi sessiya yig‘ilishida Vazirlar Kengashi tarkibidagi lavozimlar tasdiqlanganligi, shuningdek, Vazirlar Kengashi tarkibiga kiritiladigan lavozimlarda ishlayotgan rahbarlar o‘z vazifalarini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlab turishi belgilanganligi ta’kidlandi.
Sessiyada Prezidentimizning maxsus qarori bilan Vazirlar Kengashi Raisining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritishi, shuningdek, Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida faoliyat yuritishi belgilanganligi alohida ta’kidlandi.
Sessiyada Vazirlar Kengashi Raisining tavsiyasi bilan Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosarlari va Vazirlar Kengashi a’zolari lavozimlariga nomzodlar tavsiya etildi.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimiga Yerlepesov Nurullan Umirzakovich;
- Vazirlar Kengashi Raisining qurilish, to‘siqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Dauletiyarov Shuxrat Qidirbayevich;
- Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga Teshayev Shuhrat Jo‘raqulovich;
- Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari - Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri lavozimiga Jollibekov Vladimir Baxtiyarovich;
- Vazirlar Kengashi Raisining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Zarikeev Rasul Polatovich;
- Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga O‘temuratov Bayrambay Perdebayevich;
- Vazirlar Kengashi Raisining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Nurazizov Radjapbay Kupalbekovich;
- Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga Axmedova Maryam Xalilayevna tayinlandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi a’zolari lavozimlarga tayinlandi.
Kun tartibidagi keyingi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasining 2025-yilgi davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risidagi masala bo‘lib, bu masala bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri N.Yerlepesov so‘zga chiqdi.
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan o‘tgan davrda olib borilgan iqtisodiy islohotlar natijalari va kelgusi davr uchun mo‘ljallangan islohotlar sharoitida, yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilda 200 mlrd. dollarga olib chiqish vazifasi belgilab berilmoqda.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlarini 2024-2025-yillarda 6,1 foiz, 2026-yilda 6,2 foiz va 2027-yilda 6,3 foiz darajasiga erishish orqali "O‘zbekiston - 2030" strategiyasida belgilangan darajaga yetkazish belgilangan.
Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasining 2025-yil makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar rejalari va 2026-2027-yillar uchun mo‘ljallangan rejalari belgilab olindi.
Bunda, 2025-yilda iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror o‘sishini ta’minlash uchun sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish ishlari, qishloq xo‘jaligi va bozor xizmatlarida o‘sishni ta’minlash prognoz qilinmoqda.
Kun tartibidagi ushbu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi inspektori B.Mirzoyev so‘zga chiqdi.
"2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonun bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining 2025-yil uchun daromad va xarajatlari hamda respublika byudjetidan ajratiladigan transfertlarning miqdori belgilab berildi. Ushbu qonun bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetini shakllantirish va ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga bir qator qo‘shimcha vakolatlar berildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining maxsus farmoni qabul qilinib, unda byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishda jamoatchilik nazoratini hamda xalq vakillarining byudjet jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirish nazarda tutildi.
Farmon bilan hududiy byudjetlar ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotning tashqi auditi natijalari va kelgusi yil uchun byudjet loyihasini baholash bo‘yicha Hisob palatasining xulosalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari Kengashlarining majlislarida Hisob palatasining mas’ullari ishtirokida muhokama qilinishi belgilandi.
Kun tartibidagi ushbu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala "Vasiylik va homiylik to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonuni loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi M.Atamuratov ma’ruza qildi.
Bugungi kunda yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Qoraqalpog‘istonda ham bir qator ezgu ishlar davom ettirilayotgan bo‘lib, ushbu chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish, vasiylik va homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash, hisobga olish va joylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida "Vasiylik va homiylik to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Ishlab chiqilgan Qonun loyihasining asosiy maqsadi homiylik va vasiylik institutining yagona qonunchilik va huquqiy asoslarini, shuningdek, qonunchilikka rioya etilishining, homiylik va vasiylikka muhtoj fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklarini ta’minlashning real huquqiy kafolatlarini yaratishdan iborat.
Kun tartibidagi ushbu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala "Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi A.Jumanazarov so‘zga chiqdi.
"Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining tegishli Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga asosan ishlab chiqildi.
Uning maqsadi dehqon xo‘jaligini tashkil etish, uning faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash, shuningdek, dehqon xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonun bilan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan - 1 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalarini berish (ilgari sug‘oriladigan yerlarda 0,35 gektargacha berib kelingan), fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan asosiy ekindan bo‘shagan yer maydonlarida dehqon xo‘jaligi bilan shug‘ullanish uchun bir yilgacha bo‘lgan muddatga ijara asosida 0,06 gektardan - 10 gektargacha yerlarni berish, dehqon xo‘jaligining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlariga soliq solinmasligi kabi muhim masalalar nazarda tutilmoqda.
Kun tartibidagi ushbu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi Farmoni talablari ijrosini ta’minlash maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlashda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Kengashining axboroti haqida bo‘lib, ushbu masala yuzasidan Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Axmedova so‘zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi "2024-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 404-sonli qarori talablarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida bajarilishi bo‘yicha Vazirlar Kengashining hisoboti to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Sh.Davletyarov so‘zga chiqdi.
Keyingi yillarda respublikamizda keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 404-sonli qarori asosida respublikamizda qurilish-ta’mirlash ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.
Joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida 132 ta ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlarida 810,7 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan bo‘lib, 119 ta obyektda qurilish ishlari yakunlangan.
Jumladan, 6 sog‘liqni saqlash obyektida 45,0 mlrd. so‘mlik ish hajmlari bajarilib, barcha obyektlar foydalanishga topshirildi. 4 sport obyektida 53,9 mlrd.so‘mlik ish hajmlari bajarildi. Nukus shahridagi "Sarbinaz" MFYda Qoraqalpog‘iston tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti binosini to‘liq ta’mirlash ishlari olib borilib, fan sohasida izlanishlar olib borayotgan olimlarimizga sharoit yaratilishiga erishildi.
17 ta ichimlik ta’minoti obyektlarida 124,3 mlrd. so‘mlik ish hajmi bajarildi va 13 ta obyekt topshirildi. Mahallalarda dastur doirasida 172,1 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi va rekonstruksiya qilindi. Natijada 47,7 mingdan ziyod aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanishiga erishildi va ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 72,4 foizdan 74,8 foizga yetkazildi.
23 irrigatsiya va melioratsiya obyektlarida 124,7 mlrd. so‘mlik, 16 avtomobil yo‘llari obyektlarida 120,6 mlrd. so‘mlik ishlar bajarildi va 10 obyekt foydalanishga topshirildi.
Shu bilan bir qatorda, 35 ta maktab va 8 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish, rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda jami 41 ta obyektda qurilish ishlari yakunlangan va qolgan 2 ta obyektda ishlar yakunlanmoqda. Qurilish ishlari natijasida 10 738 o‘quvchi o‘rni yangidan yaratildi va 3-6 yoshdagi 1950 nafar bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olindi.
Natijada maktablarda qamrov koeffitsiyenti 1,1 dan 1,08 ga tushirildi, bog‘chalarda qamrov 81,2 foizdan 84 foizga oshirilishiga erishildi.
Kun tartibidagi ushbu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.
Kun tartibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi avariya holatidagi ta’mirtalab ko‘priklarning manzilli ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Sessiyada hurmatli Prezidentimizning maxsus qarori asosida Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot fondi ishtirokida "Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish" loyihasi hisobidan Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy soha, infratuzilma obyektlari va mahallalarning maishiy xizmat ko‘rsatish markazlarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Ushbu loyihaning davomi sifatida Qoraqalpog‘istonda kelgusi yilda Respublika avtomobil yo‘llarida joylashgan avariya holatidagi ko‘priklarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun "Saudiya taraqqiyot fondi" loyihasi tomonidan jami mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu mablag‘lar hisobidan Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Amudaryo, Qonliko‘l, Bo‘zatov va Nukus tumanlarida joylashgan jami 19 ta ko‘prikda rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Kun tartibidagi ushbu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilinib, qurilish ishlari olib boriladigan ko‘priklar ro‘yxati tasdiqlandi.
Sessiya majlisining kun tartibidagi keyingi masala Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash masalasi haqida bo‘lib, bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining ikkinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.