Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining uchinchi sessiyasi haqida axborot
2025 yilning 11 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining uchinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Hukumat a’zolari, Respublika sektor va soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.
Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizning barcha sohalarida tarixiy o‘zgarishlar va yangilanishlar yuz berayotganligini ta’kidladi.
Ushbu tarixiy voqealardan biri sifatida yaqinda Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘z ichiga 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy ittifoqni birlashtirgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi o‘tkazildi. Unda Prezidentimiz mazkur Assambleya O‘zbekiston tashabbusi bilan "Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati" mavzusida o‘tkazilayotganiga alohida e’tibor qaratdi.
Mamlakatimizda joriy yilning "Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili" deb e’lon qilingani Orolbo‘yi mintaqasi uchun g‘oyat muhimdir. Yaqinda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro iqlim forumida hurmatli Prezidentimiz keng jamoatchilikning e’tiborini yana bir bor Orol fojiasiga qaratgani va bir qator tashabbuslarni ilgari surgani, shuningdek, Nukus shahrida o‘tkazilgan birinchi xalqaro "Orol madaniyati sammiti"da Orol dengizining ekologik muammosi, xalqimiz taqdiri va yurtimiz kelajagi bilan bog‘liq o‘ta muhim vazifalar belgilab olingani yurtimiz hayotidagi tarixiy voqealar qatoriga kiradi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi natijasida so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda bir qator xalqaro tadbirlar o‘tkazilayotgani xalqimizning boy madaniyatini, turizm salohiyatini jahon hamjamiyatiga tanitishda, xorijiy investorlarni mintaqamizga jalb etib, ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishda, yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.
Sessiyada Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilinayotgan qaror va farmonlar asosida shunday keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini ta’kidladi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala Qoraqalpog‘iston Respublikasining "Yer to‘g‘risida"gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesining agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi A.Jumanazarov so‘zga chiqdi.
Qonun loyihasi bilan "Yer to‘g‘risida"gi Qonunning bir qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga investitsiyalarni yanada keng jalb etish hamda hududning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Kun tartibidagi dastlabki masala to‘liq ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi M.Atamuratov so‘zga chiqdi.
Unda onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xorijiy kompaniyalarning dori vositalarini asossiz buyurtirish holatlariga chek qo‘yish, sohada byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi salbiy holatlarga olib keladigan sabab va shart-sharoitlar, ularning oqibatlari bo‘yicha tahlil qilingan ishlar va boshqa masalalar keng muhokama qilindi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi masala batafsil ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori talablarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijro etilishi bo‘yicha Vazirlar Kengashining hisoboti to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - Qishloq xo‘jaligi vaziri Sh.Teshayev so‘zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi keyingi masala bo‘yicha fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjievning axboroti tinglandi.
Bu masala batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi tomonidan 2024-yil davomida amalga oshirilgan ishlari haqida Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Bosh boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Bosh boshqarma boshlig‘i A.Isakov so‘zga chiqdi.
Bugungi kunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 13 ta tijorat banki hamda ularning shahar va tumanlarda 89 dan ortiq bank xizmatlarini ko‘rsatish markazlari hamda mini banklari tomonidan aholiga zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Banklarning barqaror resurs bazasini mustahkamlash choralari natijasida 2025 yil 1 yanvar holatiga aholi hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning banklardagi depozitlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,7 foizga ko‘paydi.
Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni 2 mln. 550 ming donaga hamda savdo va pullik xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 21 ming 696 donaga yetdi.
Shuningdek, Prezidentimizning qaror va farmonlari asosida ko‘p qavatli uy-joy, massivlar qurilishi, ipoteka kreditlari, davlat dasturlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bank kreditlari ajratilishi ta’minlangan. Muammoli kredit qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha ham chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Navbatdagi masala bo‘yicha deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorining hududlarda ijrosi yuzasidan Mahallalar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha boshqarma boshlig‘i S.Turmanov so‘zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Sessiya majlisining kun tartibidagi keyingi masala Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash masalasi haqida bo‘lib, bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining uchinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.