Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining birinchi sessiyasi to‘g‘risida axborot

Joriy yil 6-noyabr kuni Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 27-oktyabr sanasida mamlakatimiz hayotida g‘oyat muhim bo‘lgan siyosiy jarayon, parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga 65 nafar, shahar va tuman Kengashlariga 375 nafar deputat saylandi. Darhaqiqat, ushbu saylangan deputatlar mamlakatimizning kelgusi 5-yillik taqdirini belgilaydi.
Sessiya ishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, barcha vazirlik, idora, korxona rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Reglamentga muvofiq dastlab, sessiya kotibiyati saylandi va kun tartibi tasdiqlandi.
Kun tartibidagi birinchi masala bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining joriy yilning 27-oktyabr sanasida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalari to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Unda ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatligiga saylov demokratik tarzda, ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga amal qilingan holda o‘tkazildi. 30-oktyabr kuni e’lon qilingan Jo‘qorg‘i Kengesga saylov natijalariga ko‘ra, deputatlar tarkibi 63 foizga yangilandi. Jo‘qorg‘i Kengesga yangi saylangan deputatlarning 32,3 foizini xotin-qizlar tashkil etib, bu Qoraqalpog‘iston tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Kun tartibidagi keyingi masala, yangi saylangan deputatlar orasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisini saylash masalasi bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Reglamentining 14-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlarining taklifi asosida shakllantirilgan Oqsoqollar Kengashi tomonidan yangi saylangan deputatlar orasidan 57-sonli "Berdaq" saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga deputat Amanbay Tileubayevich Orinbaev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi lavozimiga tavsiya etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasiga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges Raisi nomzodi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi olindi.
Bundan so‘ng, nomzodni qo‘llab-quvvatlab 44-sonli "Qonliko‘l" saylov okrugidan deputat Oral Ataniyazova, 25-sonli "Navbahor" saylov okrugidan deputat Ro‘zbika Aytbayeva, 45-sonli "Shumanay" saylov okrugidan deputat Ulug‘bek Jalmenov, 53-sonli "Qirontov" saylov okrugidan deputat Sherzod Niyozimbetov, 65-sonli "Mo‘ynoq" saylov okrugidan deputat Biybixan Utambetovalar so‘zga chiqdi.
Qonunchilikka muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi lavozimiga ko‘rsatilgan nomzodni saylash deputatlar tomonidan yashirin ovoz berish orqali amalga oshirildi. Shunday qilib Amanbay Tileubayevich Orinbaev nomzodi qo‘llab-quvvatlandi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi lavozimiga tasdiqlandi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, bugungi kunda barcha sohalarda bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalariga, ayniqsa, Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibor asosida yaratib berilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi va bu ezgu tashabbuslarni samarali davom ettirishga, xalqimizning turmush farovonligini ta’minlashga bor kuch, tajribasini safarbar etishini, bunday ishonch uchun davlatimiz rahbariga, deputatlarga va xalqimizga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Kun tartibidagi keyingi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisini saylash bo‘ldi.
Qonunchilikka muvofiq ushbu lavozimga nomzodni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi tavsiya etadi va Prezidentning roziligi olinadi.
Sessiyada Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan Vazirlar Kengashi Raisi lavozimiga Farxad Urazbayevich Ermanovning nomzodi tavsiya etildi.
Nomzod hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolli dasturini deputatlar e’tiboriga taqdim etdi. Ya’ni, 2025-2027-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha maxsus ishlab chiqilgan dastur o‘qib eshittirildi.
Bundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi olindi. Sessiyada nomzodning nomzodini qo‘llab-quvvatlab so‘zga chiqqanlar Farhod Ermanovni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi lavozimiga munosib ekanligini ta’kidladi. Shunday qilib, deputatlarning ovoz berish yo‘li bilan Ermanov Farxad Urazbayevich Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi lavozimiga tasdiqlandi.

Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosarini saylash to‘g‘risida bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 70-moddasiga va "Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Reglamenti to‘g‘risida"gi Qonunning 14-moddasiga muvofiq 47-sonli "Sanoat" saylov okrugidan deputat Rustam Tursinbayevich Saparbayev yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari etib saylandi.
Bu bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Sessiyaning kun tartibidagi keyingi masala bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mitalari va komissiyasini tuzish, ularning tarkibi va raislarini saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Unda 29-sonli "Do‘stlik" saylov okrugidan deputat Berdibek Seytnazarov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va innovatsiya masalalari qo‘mitasi raisi;

46-sonli "Ketenlar" saylov okrugidan deputat Alisher Atajanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi raisi;
37-Xo‘jayli saylov okrugidan deputat Islambek Sdiqov Jo‘qorg‘i Kengesning Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi;
2-sonli "A.Dosnazarov" saylov okrugidan deputat Murat Atamuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi;
64-sonli "Qorako‘l" saylov okrugidan deputat Anuarbek Jumanazarov Jo‘qorg‘i Kengesning Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi;
48-sonli "Jiңishke" saylov okrugidan deputat Sharapat O‘temisov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Mahalliy hokimiyat vakillik va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda davlat organlarining ochiqligini ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi;
1-sonli "Botanika" saylov okrugidan deputat Keңes Karimov Jo‘qorg‘i Kengesning Reglament va deputatlik odob-axloqi masalalari komissiyasining raisi etib saylandi. Deputatlar bu bo‘yicha tegishli qaror qabul qildi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining birinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.