Chimboy tumanida aholi turmush farovonligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Chimboy tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi "Shaxtemir" MFYdagi mebel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan "PRIME MAXIMUS" MCHJ korxonasi, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi "SHAXTEMIR PIK STROY" oilaviy korxonasi va "UBAYDULLA UBEK" MCHJ korxonalari ishlarini borib ko‘rdi.
"Temir jol guzari" MFY hududida o‘z uyida milliy qora uy jihozlarini yasashni yo‘lga qo‘ygan Azat Kolbaybanov xonadonida tashkil etilgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarga tadbirkorlarning o‘z faoliyatini kengaytirishi va rivojlantirishi uchun barcha yordamlarni ko‘rsatish, Prezidentimiz tomonidan berilgan alohida imtiyozlardan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi "Guliston" MFYdagi gulchilikni yo‘lga qo‘ygan Mavluda Alimbetova hamda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan "Temir jol guzari" aholisi Turg‘anbay Yerejepov xonadonlarida bo‘ldi. Tomorqani daromad manbaiga aylantirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ishlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish kerakligi ta’kidlandi.
Bundan so‘ng "Tazg‘ara" MFYda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning bandligini ta’minlash va qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish yo‘nalishida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish kerakligi, buning uchun barcha yordamlar berilishi ta’kidlandi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi ushbu mahalla hududidagi 52-sonli oilaviy poliklinikada raqamlashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Ish jarayonlarini ko‘zdan kechirib, yana amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalar bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.