Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Ellikqal’a tumanida aholining turmush sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi «Zarbdor» tajribasi bo‘yicha Aqchako‘l bo‘yida umumiy 73,4 mlrd. so‘m mablag‘ asosida amalga oshirilayotgan rekreatsion zonani tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. Loyiha ishga tushishi bilan 75 ish o‘rni yaratiladi.
Bundan so‘ng ichimlik suvlari ishlab chiqarayotgan «GOLD NEO BOSTON» MCHJ, «Cho‘pon» mahallasidagi «MUSLIMBEK PAYPOQLARI» oilaviy korxonasi, «Sarabiy» mahallasidagi mebel, temir mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «GRACEFUL MEBEL» korxonasi, «Qirqqizobod» OFYdagi bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqaruvchi «KUMUSH MUNISA» xususiy korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Tadbirkorlarning o‘z faoliyatini yanada kengaytirishi uchun barcha yordamlarni ko‘rsatish, ularni doimiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Tumandagi «BO‘STON SILK» MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan pillachilik bo‘yicha loyiha ko‘zdan kechirildi. Ta’kidlash joizki, 2025-yil bahorgi pillachilik mavsumida 254 ta fermer xo‘jaligi va 973 ta kasanachilar bilan pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Mavsum yakunida 202,2 tonna pilla topshirildi va reja 100,1 foizga respublikamizda birinchilardan bo‘lib bajarildi. Jo‘qorg‘i Kenges Raisi pillachilik bo‘yicha Ellikqal’a tajribasini barcha tumanlarda keng yoyish kerakligini ta’kidladi.
Prezidentimiz qarori bilan yoshlarga berilgan yer maydonlari, xususan «Dumanqal’a» MFYdagi «Bir kontur bir mahsulot» mezoni asosida ekilgan yerlar borib ko‘rildi. Ayni paytda qovun-tarvuz va boshqa poliz mahsulotlari ekilib, tez orada mo‘l hosil olinishi kutilmoqda.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi «Sarabiy» MFYdagi 63-sonli oilaviy poliklinikadagi raqamlashtirish ishlari, shuningdek, masofaviy xizmat ko‘rsatuvchi «ELLIKQAL’A BPO» markazidagi til o‘rgatish va IT kurslari, IT xizmatlarini taqdim etish ishlari ko‘zdan kechirdi. Raqamlashtirish va axborot texnologiyalarining hayotimizdagi ahamiyati ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Bundan so‘ng «Sayxunobod» tajribasi asosida «Paxtachi» mahallasidagi Jumaniyozov Xudoyor va Rozmetov Anvarning tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha ishlari ko‘zdan kechirildi. Ellikqal’aliklarga xos mehnatsevarlik va ozgina yerdan mo‘l hosil olish tajribasi ko‘pchilikka namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.