Ellikqala tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev respublika va tuman idora-tashkilotlari mas’ullari ishtirokida Ellikqala tumanini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan majlis o‘tkazdi.
Unda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar, aholining munosib turmush sharoitini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, obodonlashtirish ishlarini olib borish kabi belgilangan vazifalarning bajarilishi masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, tumanni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Lekin, ayrim joylarda muassasa-tashkilot rahbarlari va mutasaddilari, shuningdek, mahalla faollari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Xususan, mahallalardagi ishlarning amalda bajarilishi, obodonlashtirish, fuqarolar bandligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarning talab darajasida emasligi tanqid qilindi. Mas’ullar ogohlantirilib, ayrimlariga intizomiy jazo chorasi qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berildi.