Bug‘doy o‘rimi oldidan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
Bugun Beruniy tumanida joriy yilgi bug‘doy o‘rimiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, mo‘l hosil yetishtirishda olib borilayotgan amaliy choralari uchun o‘z minnatdorchiligini va bug‘doydan yuqori xirmon yaratilishiga tilakdoshlik bildirdi.
Seminarda Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, barcha tuman hokimlari, soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida nuroniylar tomonidan dehqonlarimizning oldida turgan mashaqqatli va mas’uliyatli ishlarida kuch-quvvat, yurtimizda mo‘l-ko‘lchilik, dasturxonimiz to‘kin bo‘lishini tilab, Qur’on tilovat qilindi.
Seminarda davom etadigan o‘rim-yig‘im mavsumida amalga oshiriladigan ishlar keng tushuntirildi.
Ta’kidlash joizki, bu yil dehqon va fermerlarimiz uchun "G‘alla yili" bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, ko‘p yillik tajribadan ma’lum - bahor oylarida yog‘ingarchilik miqdori ko‘p bo‘lishi hamda g‘alla o‘sib rivojlanishi uchun ob-havoning optimal kelishi - hosilning mo‘l bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yetishtirilgan bug‘doyni qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olish bo‘yicha talab etiladigan mablag‘larning hisob-kitoblari ishlab chiqilgan. O‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida otryadlar tuzilib, ularga maxsus mashina-mexanizmlar, texnika va agregatlar biriktirildi. Yoqilg‘i-moy materiallari zaxirasi yaratildi.