Jo‘qorg‘i Kenges Raisi manzil koloniyadagi yoshlar bilan uchrashdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev «Yoshlar oyligi» doirasida Qo‘ng‘irot tumanidagi manzil koloniyalarning birida jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar bilan uchrashdi.
Unda dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani, shu asosda ularning o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarishi, chuqur bilim olishi, ilg‘or fikrli va ona Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan fidoyi insonlar bo‘lib kamol topishiga sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, mamlakatimizning ming-minglab yoshlari qatorida hayot yo‘llarida ozgina adashib, bugungi kunda manzil koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar ham e’tibordan chetda qolmasligi, ularning tez orada jamiyatga aralashib, o‘z o‘rnini topishi uchun yaqindan yordam berilishi alohida tilga olindi.
O‘z navbatida, o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar ham bu yerda bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanib, kasb-hunar egallashga bo‘lgan qiziqishlari va o‘zlarining istak-xohishlarini bildirdi.
Uchrashuvda barcha ko‘tarilgan masalalar belgilab olinib, tez fursatda amaliy choralarni ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Shuningdek, yoshlarning IT sohasi va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan maxsus kompyuterlar va kitoblar topshirildi.
Bundan so‘ng, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi manzil koloniyada yoshlarning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishlari uchun faoliyat yuritayotgan kasbga yo‘naltirish joylari bilan yaqindan tanishdi.
Yoshlarning foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, ilm va hunar o‘rganishi uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.