Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Qo‘ng‘irot tumanidagi faol yoshlar bilan yaqindan muloqot qildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayevning «Yoshlar oyligi» doirasida Qo‘ng‘irot tumanidagi faol yoshlar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuv doirasida dastlab, bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Yarmarkada 44 ta muassasa-tashkilot 154 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Unda bir qator yoshlar ish o‘rinlariga joylashtirilgan bo‘lsa, yana bir guruh xotin-qizlarga qayta kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yo‘llanmalar berildi. Bundan so‘ng IT sohasi mutaxassislari tomonidan sohani rivojlantirish, IT xizmatlarini taqdim etishni yo‘lga qo‘yish, ozgina qunt qilish orqali katta daromad olishni yo‘lga qo‘yish shuningdek, Tashqi beg‘araz yordam mablag‘larini (grantlarni) jalb qilish va donorlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va turli loyihalar ustida ishlashida grant mablag‘larini keng jalb qilish bo‘yicha taqdimotlar, ma’lumotlar taqdim etildi. Bundan tashqari, Prezidentimiz topshirig‘i bilan yoshlar banki sifatida belgilangan Aloqa bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi rahbari, Milliy bankning mas’ul mutaxassisi tomonidan yoshlar tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va mavjud loyihalarni kengaytirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar haqida keng turda ma’lumot berildi.
Uchrashuvda dastlab respublikamiz rahbari so‘nggi yillarda yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani, hurmatli Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan yuqori ishonchi, alohida e’tibori va otalarcha g‘amxo‘rligi natijasida ular uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Aytib o‘tilganidek, hurmatli Prezidentimiz rahbarligida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi, zamonaviy ta’lim muassasalari ochildi, tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab imtiyozlar berildi. Ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalardagi yoshlarimiz moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning 213-sonli tarixiy farmoni bilan oliy o‘quv yurtlarida qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun alohida qo‘shimcha kvotalar ajratilayotgani yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Albatta, yoshlarimiz uchun berilayotgan bunday imkoniyatlarni yanada davom ettirish mumkin.
O‘z navbatida, qo‘ng‘irotlik yoshlar bunday e’tibor uchun hurmatli Prezidentimizga alohida minnatdorchiligini bildirdi.
O‘tkazilgan uchrashuv davomida yoshlar bilan yaqindan muloqot qilinib, ularning xohish-istaklari, shuningdek, takliflari tinglandi. Xususan, yoshlar tomonidan tuman hududida zamonaviy kutubxona barpo etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, parasport bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, Barkamol avlod bolalar maktabida laboratoriya va IT kurslar tashkil etish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
O‘z navbatida har bir tashabbus va taklif Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan belgilab olindi va tez orada hayotga tatbiq etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriq berildi.
Bundan so‘ng bir guruh yoshlar faolligi va tengdoshlari orasida alohida yutuqlarga erishib, ko‘pchilikka namuna bo‘layotgani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan taqdirlandi.
O‘tkazilgan uchrashuv chin ma’noda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi va yoshlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot maydoniga aylandi va bunday uchrashuvlar respublikamizning barcha shahar-tumanlarida davom ettiriladi.
Uchrashuvdan keyin Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi xalq qabulxonasi, Jo‘qorg‘i Kengesning mutasaddilari va soha rahbarlari ishtirokida yoshlarning muammolarini tinglash maqsadida qabul o‘tkazilib, yechimini topish choralari ko‘rildi.