Nukus shahrida xalqaro investitsiya forumi o‘tkazildi
Hurmatli Prezidentimizning topshirig‘i bilan joriy yilning 10-12-iyun kunlari mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida «Toshkent xalqaro investitsiya forumi» bo‘lib o‘tgan edi. Forum doirasida o‘tkazilgan sessiyada Prezidentimiz yordamchisi Saida Mirziyoyeva investorlarni Qoraqalpog‘iston hududiga kelib, respublikaning ulkan salohiyatini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish va keng imkoniyatlar ko‘lamini baholashga taklif etdi.
Bugun ushbu forumning davomi sifatida Nukus shahridagi Oq Qush majmuasida Qoraqalpog‘istonning investitsion salohiyatini taqdim etishga bag‘ishlangan xalqaro investitsiya forumi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, hurmatli Prezidentimizning alohida e’tibori bilan Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, investitsion jozibadorlikni oshirish bo‘yicha alohida qabul qilingan farmon va qarorlari asosida yaratilgan imkoniyatlar haqida keng turda ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov ishtirok etdi.
O‘tkazilgan forumda respublikamizning investitsion jozibadorligi, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar, resurslar salohiyati va boshqa muhim yo‘nalishlar haqida so‘z yuritildi.
Majmua hududidagi maxsus pavilonda Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Forum imkoniyatlarni muhokama qilish, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi.
Bundan so‘ng mehmonlar «QORAQALPOQ BASALTWOOL» korxonasi, shuningdek, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida bo‘lib, respublikamizning sanoat, turizm yo‘nalishlaridagi imkoniyatlari bilan tanishdi.