Amudaryolik yoshlarning fikr va takliflari tinglandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev joylarda yoshlar bilan uchrashib, ularning xohish-istaklari, tashabbus va muammolarini tinglamoqda. Shunday navbatdagi uchrashuv Amudaryo tumanida o‘tkazildi.
Uchrashuvdan oldin bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Bundan so‘ng IT sohasi, Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini (grantlarni) jalb qilish va donorlar bilan ishlash bo‘limi, tijorat banklari rahbarlari tomonidan seminarlar tashkil etilib, yoshlar tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, ularning o‘z tashabbuslarini amalga oshirishi borasida ma’lumotlar berildi.
O‘tkazilgan uchrashuvda dastlab Jo‘qorg‘i Kenges Raisi hurmatli Prezidentimizning alohida e’tibori bilan yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida keng turda ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, bunday imkoniyatlardan o‘rinli foydalanib, yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar soni ortib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘z navbatida, yoshlar davlatimiz rahbarining bunday yuksak ishonchi va yoshlarga ko‘rsatayotgan otalarcha g‘amxo‘rligi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
O‘tkazilgan uchrashuv davomida yoshlar bilan yaqindan muloqot qilinib, ularning xohish-istaklari, shuningdek, takliflari tinglandi. Unda bir qator muhim tashabbuslar va masalalar ko‘tarildi. O‘z navbatida har bir tashabbus va taklif Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan belgilab olindi va tez orada hayotga tatbiq etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriq berildi.
Bundan so‘ng bir guruh yoshlar faolligi va tengdoshlari orasida alohida yutuqlarga erishib, ko‘pchilikka namuna bo‘layotgani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan taqdirlandi.