Amudaryo tumanida yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Amudaryo tumanida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab, «Olmazor» mahallasida «Sulton Kumush» MCHJ tomonidan ochilish marosimi o‘tkazilayotgan «Bolalar o‘yingohi» loyihasi ko‘zdan kechirildi. Bundan so‘ng, har birida 10 ish o‘rni yaratilgan «Botir-Xonqa» MCHJ va «Al Kafil Biznes Plast» MCHJ korxonalarining plastmassa idishlari ishlab chiqarish loyihalari, 2 mlrd. so‘mlik mablag‘lar hisobidan 20 ish o‘rni yaratilishiga erishilgan «Ravshanbek-Yulduzxon» xususiy korxonasining qandolat, non mahsulotlari ishlab chiqarish va sutni qayta ishlash, «Jayxun motors» MCHJning motorollerlar ishlab chiqarish loyihalari ko‘rib chiqildi. Yangi ish o‘rni yaratgan har bir tadbirkor doimo qo‘llab-quvvatlanishi, ularning o‘z faoliyatini yanada kengaytirishi uchun barcha yordamlar ko‘rsatilishi ta’kidlandi.
«Uyshin» mahallasida «Jamoliddin Jayxun» MCHJ tomonidan 1 mlrd. so‘m mablag‘ asosida yangidan ishga tushirilgan baliqchilik loyihasi, shuningdek, «Qoraqalpoq mahsulotlari» MCHJ tomonidan 1,3 mlrd. so‘m mablag‘ asosida ishga tushirilgan parrandachilikni yo‘lga qo‘yish loyihasi ko‘zdan kechirildi. Xalqimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi bunday tashabbuslarni ko‘paytirishda yanada jonbozlik bilan ishlash kerakligi yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
«Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massividagi ko‘p qavatli uylar qurilishi ham ko‘zdan kechirildi. Ta’kidlash joizki, 2024-2025-yillarda jami 18,5 gektar yer maydonida 26 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi belgilangan. Hozirgi vaqtda ishlar davom ettirilmoqda.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi qurilish ishlarini sifatli qilib, o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlarni berdi.