Yoshlar oyligi doirasida uchrashuvlar o‘tkazildi
«Yoshlar oyligi» doirasida Qoraqalpog‘iston RespublikasiJo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Xo‘jayli, Shumanay, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Beruniy va Ellikqal’a tumanlarida faol yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvlar doirasida axborot texnologiyalari, raqamli xizmatlar, startaplarni rivojlantirish, xalqaro grant mablag‘larini jalb qilish va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha tegishli tashkilotlar, mutaxassislar ishtirokida ma’lumotlar va taqdimotlar taqdim etildi.
Unda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi, o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, bu imkoniyatlardan foydalanib, yuqori natijalarga erishib kelayotgan yoshlar soni ortib borayotgani ta’kidlandi.
Yangicha formatda o‘tgan uchrashuvlarda yoshlar tomonidan ta’lim, IT sohasi, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish kabi qator taklif va tashabbuslar bildirildi. Ko‘tarilgan masalalar ro‘yxatga olinib, tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Yoshlar, o‘z navbatida, prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar va ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, turli sohalarda faolligi bilan ajralib turgan bir guruh yoshlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining qaroriga muvofiq taqdirlandi.