Xo‘jayli tumanida fuqarolarning bandligini ta’minlash va qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Xo‘jayli tumanida aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, «Sayxunobod» tajribasi asosida tashkil etilgan ishlar, xususan, «Bag‘man» MFYdagi gulchilik bilan shug‘ullanayotgan Ametov Dawran, tomorqasida issiqxonadan mahsulot olish va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ish olib borayotgan Saparniyazov Jiyenbay, «Samanko'l» MFYdagi chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan Өtemuratov Zafar, «Shag‘alakөl»dagi Nurimbetov Quwanishning xonadonlariga borib ko‘rildi. Ishlar ko‘zdan kechirilib, bunday tajribalarni yanada keng ommalashtirish kerakligi ta’kidlandi.
Bundan so‘ng Jahon bankining 135,6 ming dollar grant mablag‘lari asosida tashkil etilgan qoramollarni sun’iy ko‘paytirishning zamonaviy usuli – «In-vitro» texnologiyasi bo‘yicha ish boshlagan laboratoriya faoliyati o‘rganildi.
Tumandagi tadbirkorlik subyektlari faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Xususan, «DO‘STLAR SHOES XO‘JAYLI» MCHJning charm-poyabzal ishlab chiqarish, «INOSTAL» MCHJning temir mahsulotlari ishlab chiqarish, «EXIMCORP» MCHJning qizilmiya ildizini qayta ishlashni kengaytirish, «FARMS GAFUR GULOM» MCHJning sutni qayta ishlash loyihalari, «LIDERTEKS GROUP» MCHJ va «Urazimbetov Raxat» oilaviy korxonasi ishlari ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlar o‘z faoliyatini yanada kengaytirishi uchun Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida berilgan imtiyozlardan to‘liq foydalanishiga barcha yordamlarni berish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Bundan so‘ng Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tuman markazida yangi ochilayotgan «Yoshlar markazi» binosida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Bu maskan Xo‘jayli yoshlarini o‘zida jamlaydigan, ularning barcha qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadigan muhim maskanga aylanishi kerakligi ta’kidlandi.
«Kulab» OFY hududidagi Matkarimova Ayshaning tomorqasida tashkil etilgan ishlar, «Mustaqillik» OFYdagi Kuregenov Alpamis fermer xo‘jaligining chorvachilik kompleksi borib ko‘rildi. Bunday loyihalar sonini yanada ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlarni berdi.