Xo‘jayli tumanini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligida Xo‘jayli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, davlat dasturlari doirasidagi belgilangan vazifalar va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar ijrosiga bag‘ishlangan majlis o‘tkazildi.
Unda respublika idorasi, tashkilot va tegishli vazirliklar, tuman mutasaddilari, mahalla faollari ishtirok etdi.
Majlisda dastlab, mahallalarni obod qilish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etish, davlat dasturlari doirasida loyihalarni amalga oshirish, yangi korxonalar faoliyatini tashkil etish, ko‘p qavatli uylar qurish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolar turmush darajasini yaxshilash borasidagi vazifalar ijrosi masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish, tomorqalardan samarali foydalanishni ommalashtirish, yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, korxonalar faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish, bank xizmatlari va bozor infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham topshiriqlar natijalari haqida so‘z yuritildi.
Unda shuningdek, ushbu ishlarni amalga oshirishda barcha shart-sharoitlar yaratib berilgani, belgilangan vazifalarni bajarishda moliyaviy manbalar, barcha resurslar ishga solingani ta’kidlanib, shuncha imkoniyat yaratilishiga qaramasdan, ayrim mas’ullarning o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgani tanqid qilindi.
Majlis davomida kamchiliklar qayd etilib, o‘z vazifasini bajarishda xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim rahbarlarga intizomiy jazo choralarini qo‘llash, zarur bo‘lsa, lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.