Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining beshinchi sessiyasi to‘g‘risida axborot
oriy yilning 12-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Hukumat a’zolari, Respublika soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.
Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi.
Sessiya "Qoraqalpog‘iston" telekanali orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda yoritib borildi.



Sessiyaning kun tartibidagi dastlabki masala "Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi Alisher Atajanov so‘zga chiqdi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan qaror qabul qilindi.



Kun tartibidagi keyingi masala "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jalg‘asbay Berdixanov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda energiya barqarorligini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida dadil qadamlar tashlandi va salmoqli natijalarga erishildi. Bu borada ulkan salohiyatga ega bo‘lgan Qoraqalpog‘iston uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha katta maqsadli rejalar belgilab olingan.
Bu natijalarga erishishda eng avvalo, sohaning huquqiy asosini takomillashtirish talab etilishi o‘ta muhim bo‘lib, shu maqsadda "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni ishlab chiqildi.
Kun tartibidagi ushbu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.

Kun tartibidagi keyingi masala onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xorijiy kompaniyalarning dori vositalarini asossiz buyurtirish holatlariga chek qo‘yish, sohada byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilgan Parlament so‘rovi natijasi haqida bo‘lib, ushbu masala bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi M.Qurbonov so‘zga chiqdi.
Bundan so‘ng kun tartibidagi masala batafsil ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.

Kun tartibida "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi asosida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida keyingi masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va innovatsiya masalalari qo‘mitasi raisi Berdibek Seytnazarov ma’ruza qildi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.

Bundan so‘ng kun tartibidagi navbatdagi masala bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Jo‘qorg‘i Kengesning Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi M.Atamuratovning axboroti tinglandi.
Bu masala batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.

Kun tartibidagi "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston-2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi Farmonining Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijro etilishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining hisoboti to‘g‘risida navbatdagi masala bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari - Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Vladimir Jollibekov so‘zga chiqdi.
Respublikamizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini ishga tushirish orqali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini hamda xalqimiz uchun yangi yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining boshqa hududlarida joriy etilmagan imkoniyat va imtiyozlar yaratib berildi. Shu asosda 2025-yilning o‘tgan 6 oyi davomida bir qator ijobiy ishlar olib borilishi natijasida yuqori yutuqlarga erishildi.
Shuningdek, "O‘zbekiston - 2030" strategiyasiga muvofiq, 2030-yilga qadar xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish, eksport prognoz ko‘rsatkichlari hamda yirik investitsiya loyihalarini ishga tushirish ko‘rsatkichlarini yaxshilashda har yili bosqichma-bosqich yuqori natijalarga erishish maqsadida reja va vazifalar belgilab olinganligi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi ushbu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.

Kun tartibidagi keyingi masala aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga qamrab olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirining hisoboti to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Sport vaziri Yerkinbay Qutibayev so‘zga chiqdi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda yurtimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga, aholi, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos sharoitlar yaratishga, shuningdek, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, hurmatli Prezidentimiz rahbarligida 2025-yil 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar bu boradagi ezgu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Sessiyada belgilab olingan vazifalar, berilgan topshiriqlar asosida respublikamizda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu boradagi ishlar yana davom ettirilayotganligi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala ko‘rib chiqilib, bu bo‘yicha deputatlar qaror qabul qildi.

Kun tartibidagi keyingi masala qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan maqsadli foydalanish, suv isrofgarchiligini kamaytirish va suvni tejashga qaratilgan chora-tadbirlarning bajarilishi to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining hisoboti haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Suv xo‘jaligi vaziri Baxtiyar Yusupov so‘zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.

Sessiya kun tartibida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni tan olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, hurmatli Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan faqat Qoraqalpog‘iston uchun 119-sonli maxsus Farmon qabul qilinib, shu asosda, shahar va tumanlardagi jami 27 ming 590 ta kadastr hujjati bo‘lmagan turar-joylarga egalik qilish huquqi berildi va kadastr pasportlari ishlab chiqilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Bu ezgu ishlar yanada davom ettirilib, "O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni tan olish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining maxsus Qonuni qabul qilindi.
Sessiyada ushbu qonun asosida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan 266 nafar fuqaroning ro‘yxati sessiya qarori bilan tasdiqlandi.

Sessiya majlisining kun tartibidagi keyingi masala Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash haqida bo‘lib, bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Bundan so‘ng deputatlar tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.
Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining beshinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.