Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi qurilish sohasidagi loyihalar bo‘yicha Xitoy davlati kompaniyasi bilan muzokaralar olib bordi
Qurilish sohasidagi investitsiya loyihalarini muhokama qilish va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari bilan bordi.
Tashrif davomida Jo‘qorg‘i Kenges qo‘mita raisi I.Sdikov "China MCC Group Co., Ltd" kompaniyasi vitse-prezidenti Chju Guansya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda kompaniya vakillari bilan Xo‘jayli tumani hududidan o‘tuvchi Nukus-Qo‘ng‘irot avtomagistral yo‘li bo‘yidagi 152 gektar yer maydonida "Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi"ni tashkil etish loyihasini amalga oshirish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Ta’kidlash joizki, ushbu yirik loyiha hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan 129-sonli farmoni asosida amalga oshirilayotgan bo‘lib, loyihasi doirasida umumiy 5 va 7 qavatli 30 dan ortiq turar-joylar, 160 dan ortiq ikki qavatli namunaviy uylar, ma’muriy binolar, ijtimoiy obyektlar, kompleks IT-park, xizmat ko‘rsatish obyektlari, sanoat va ishlab chiqarish maskanlari quriladi.
Bundan so‘ng delegatsiya a’zolari "China MCC Group Co., Ltd" kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi.