Bo‘zatov tumanida aholi muammolariga yechim topish va qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar ko‘zdan kechirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Bo‘zatov tumanida aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va muammolarga yechim topish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi «Yerkindarya» OFYdagi kollektor bo‘yida tashkil etilgan o‘rdak boqish loyihasini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, «Yerkindarya» OFYdagi O‘teniyazov Axmetning asalarichilikni rivojlantirish loyihasi, «Qusxanatao‘» OFYdagi Aljanov G‘aybulla va To‘remuratov Jamaladdinlarning tomorqalarida tashkil etilgan ishlar borib ko‘rildi. Tomorqa daromad manbai, bunday ishlar har bir xonadonda tashkil etilishi, shu bilan birga fuqarolar bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish borasida yangi loyihalarni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi.
Bundan so‘ng, «Yerkindarya» OFYdagi gaz tarmog‘i liniyasining 2 km qismida Bo‘zatov tajribasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar borib ko‘rildi. Unda ortiqcha gaz sarfining oldini olish va samarali foydalanish bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqildi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 123 mlrd. so‘m miqdorida moliyalashtirilib, qurilish ishlari olib borilayotgan sanatoriya bilan ham yaqindan tanishdi. Umumiy 200 kishiga mo‘ljallangan bu joy, xalqimiz salomatligini tiklashga barcha imkoniyatlar yaratiladigan alohida maskanlardan biriga aylanishi ta’kidlandi.
«Zarbdor» tajribasi asosida tashkil etilgan hunarmandlar alleyasi, Yoshlar markazida tashkil etilgan til o‘rganish kurslari faoliyati ham borib ko‘rildi. Xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan har qanday tashabbus qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
Bundan so‘ng, hurmatli Prezidentimizning topshirig‘i bilan yaqinda o‘rnatilib, foydalanishga topshirilgan Bo‘zatov tumani va shimoliy tumanlarni bevosita Qo‘ng‘irot tumani bilan bog‘lovchi ponton ko‘prik ham borib ko‘rildi. Xalqimizning kayfiyatiga ta’sir qiladigan har qanday muammoning yechimini topishda Prezidentimizning odilona siyosati turgani, bundan fuqarolarning ham cheksiz minnatdor ekanligi alohida mamnuniyat bilan tilga olindi.