Faxriy futbolchilar Qoraqalpog‘iston birinchiligida bellashdi
Nukus shahrida «Nuroniylar e’tiborda» shiori ostida respublikamiz nuroniylari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning jismoniy faolligini oshirish maqsadida, 60 va undan yuqori yoshdagi faxriy futbolchilar o‘rtasida sportning mini futbol turidan Qoraqalpog‘iston birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
«Nuroniy» jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan tashkil etilgan musobaqada Nukus shahri va tumanlardan 16 ta jamoa ishtirok etdi. Qizg‘in kechgan musobaqaning final o‘yinida Nukus shahri jamoasi birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. To‘rtko‘l tumani faxriylari ikkinchi o‘rin. Faxrli uchinchi o‘rin Xo‘jayli va Beruniy tumanlari jamoalariga nasib etdi.
O‘tkazilgan musobaqa yakunida g‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, «Eng yaxshi hujumchi» nominatsiyasi bo‘yicha Xo‘jayli tumanidan Rozimov Orinbay, «Eng yaxshi himoyachi» nominatsiyasi bo‘yicha Beruniy tumanidan Tadjibayev Shavkat, «Eng yaxshi darvozabon» nominatsiyasi bo‘yicha Nukus shahridan Mishenov Maqset qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.