Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar ko‘rib chiqildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi U.Ro‘ziqulov, "ADM Global" kompaniyasi bosh direktori D.Davletiyarov, kompaniyaning tashqi aloqalar va davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik boshqarmasi direktori S.Abbasov, "ADMC DASAN" kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari, mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i A.Soliyev bilan uchrashdi.
O‘tkazilgan uchrashuvda avtomobilsozlikni rivojlantirish borasida hamkorlik qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali mahalliylashtirish ishlarini jadallashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va boshqa dolzarb masalalar haqida so‘z yuritildi.
Bundan so‘ng amalga oshirilishi belgilangan loyihalar taqdimoti ko‘rib chiqilib, takliflar bildirildi.
O‘z navbatida, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiya muhitini yanada yaxshilash borasida alohida berilgan imtiyozlar haqida keng turda ta’kidlab, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan har qanday loyiha qo‘llab-quvvatlanishini aytib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida mehmonlar samimiy qabul uchun o‘z minnatdorligini bildirdi va unda birgalikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda KIA avtomobil ishlab chiqarish kompaniyasining bo‘limini Qoraqalpog‘istonda ochish, ehtiyot qismlar ishlab chiqarish masalalari ham o‘rganilayotgan bo‘lib, bu bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.