Igor Vitalevich Savitskiy tavalludining 110-yilligi keng nishonlandi
Yaqinda mashhur rassom, madaniyat arbobi va «Sahrodagi Luvr» deya e’tirof etilgan muzey asoschisi Igor Vitalevich Savitskiy tavalludining 110-yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Dastlab, Qoraqalpog‘iston madaniyati va san’atini dunyoga tanitishda salmoqli hissa qo‘shgan fidoyi inson, mashhur kolleksioner - Igor Savitskiyning qabri ziyorat qilinib, gulchambarlar qo‘yildi.
Bundan so‘ng I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi kinozalida xotira uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi M.Atamuratov so‘zga chiqib, Savitskiyning mehnatlari va Qoraqalpog‘iston san’ati va madaniyatini dunyoga tanitishdek mashaqqatli, shu bilan birga sharafli ishlari haqida keng turda ta’kidlab o‘tdi.
Bundan so‘ng soha xodimlari Igor Vitalevich Savitskiyning hayoti va mehnat yo‘li, uning fidokorona ishlari haqida ma’ruza qildi.
Tadbir davomida, «Igor Savitskiy dunyosi» ko‘rgazmasi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida mehmonlar uning kolleksionerlik yo‘li, ijodi va san’atga bo‘lgan alohida mehriga yana bir bor guvoh bo‘ldi.