Yurtimizda futzal sportini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev O‘zbekiston futzal federatsiyasining prezidenti Bekzot Mamatqulov bilan uchrashdi.
Unda dastlab, hurmatli Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori, sportni rivojlantirish va ommalashtirishga keng imkoniyatlar yaratilayotgani, ayniqsa, yoshlarimiz orasidan yurtimiz bayrog‘ini dunyoga yanada tanitadigan sportchilarni yetishtirib chiqarishga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, bunday e’tibor natijasida jamoaviy sport turlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishilib, shu qatorda yoshlar o‘rtasida millionlar o‘yini hisoblangan futbol va futzal o‘yinlariga qiziquvchi yoshlar soni ortib borayotgani alohida tilga olindi.
Bundan so‘ng futbolni rivojlantirish bilan birga futzal sportini ham keng ommalashtirish, yoshlarni ushbu sport turiga yanada keng jalb qilish, shuningdek, O‘zbekiston futzal federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limini tashkil etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalanib, futzalni yanada ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish va boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha kelishib olindi.