Hurmatli Qurilish sohasi xodimlari, Qadrli kelajagimiz bunyodkorlari!
Avvalo, mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan barcha soha fidoyilari va mehnat faxriylarini samimiy tabriklaymiz.
Ma’lumki, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovon hayotini ta’minlashda siz, azizlar, mohir quruvchilar, muhandis-mexaniklar, mashina-mexanizmlarni boshqarayotgan fidoyi insonlar, loyihachi-dizaynerlar, qurilish sanoati vakillarining tutgan o‘rni alohida.
Sizlarning timsolingizda shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda yangi ishlab chiqarish korxonalari, muhim ijtimoiy obyektlar, zamonaviy uy-joylar, yo‘l va ko‘priklarni barpo etib, hayotimizni yanada obod qilishga katta hissa qo‘shayotgan olijanob kasb egalarini ko‘ramiz.
Mehnatkash xalqimiz doimo sizlarning mashaqqatli va shuning bilan birga sharafli mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Siz azizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilaymiz.
Amanbay Orinbayev
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi