Bir guruh faol tadbirkorlar taqdirlandi
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida Tadbirkorlar kuni munosabati bilan bir guruh tashabbuskor tadbirkorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov so‘zga chiqib, hurmatli Prezidentimiz tomonidan bugungi kunda juda dolzarb bo‘lgan, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan tashabbuslar, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar haqida keng tarzda ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan qaror va farmonlar hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsion jozibadorlikni oshirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Qisqa vaqt ichida yangi-yangi obyektlar ishga tushirilib, yirik hajmdagi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
O‘tkazilgan tadbirda ana shunday ezgu ishlar keng e’tirof etildi.
Bayram tadbirida hurmatli Prezidentimizning maxsus Farmonlari asosida mukofotlangan Kegeyli tumanidagi «Arzio‘» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Saliyeva Palzadaga "Do‘stlik" ordeni, To‘rtko‘l tumanidagi "115-To‘rtko‘l avtokorxonasi" mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Kerimbayev G‘ayratdin va Nukus shahridagi «Good Cafe» oilaviy korxonasi rahbari Mamutova Maxiraga "Shuhrat" medali, shuningdek, 6 nafar faol tadbirkorlarimizga "Faol tadbirkor" ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari, Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qarori bilan bir qator tadbirkorlar Jo‘qorg‘i Kengesning ko‘krak nishonlari, Faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.