Yangidan qurilgan 500 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yangi zamonaviy tipda va Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishiga bag'ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining qo‘mita raisi M.Atamuratov so‘zga chiqib, yangi binolar foydalanishga topshirilishi munosabati bilan yig'ilganlarni tabrikladi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori ta'lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yoshlarni oliy ta'limga qamrab olish, ular uchun barcha qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlar yangi bosqichlarga ko‘tarilmoqda.
Yangidan foydalanishga topshirilgan talabalar turar joyining qurilishi ham aynan shu yo‘nalishdagi ezgu ishlardan bo‘lib, zamonaviy arxitektura standartlari asosida qurilgan ob’ekt jami 500 talabani o‘zida qamrab olish imkoniyatiga ega va unda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.