Chimboy tumanida IT-shaharcha foydalanishga topshirildi
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan 2024 yil 13 may kuni o‘tkazilgan videoselektor majlisida IT-sohasini chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida mamlakatimizning bir qator hududlari qatorida Chimboy tumanida ham IT-shaharcha tashkil etish belgilangan edi.
Shu asosda «Kenges» ovul fuqarolar yig'ini hududida IT-shaharcha barpo etilib, bugun ushbu ob’ekt foydalanishga topshirildi.
Ta'kidlash joizki, Prezidentimiz shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda bo‘lishi bilan birga yuqori malakali mutaxassislar ta'lim berishi kerakligi bo‘yicha alohida topshiriq bergan edi. Shu asosda, respublikamizning shimoliy tumanlari yoshlari uchun qulay joylardan biri sifatida ushbu hududda shaharcha tashkil etildi. Mazkur shaharcha, o‘z navbatida, yoshlarning zamonaviy kasb va bilim olishi uchun katta imkoniyat markazlaridan biriga aylanadi, desak mubolag'a bo‘lmaydi.