Qoraqalpog'istonda To‘rtko‘l — Ellikqal’a — Beruniy aylanma yo‘li quriladi
Osiyo taraqqiyot banki Qoraqalpog'iston yo‘llarini modernizatsiyasi uchun $230 mln dollardan ortiq mablag' ajratadi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagining (O‘rta yo‘lak) muhim qismini modernizatsiya qilish uchun O‘zbekistonga 233,1 mln dollar qarz ajratishni ma'qulladi. (https://www.adb.org/uz/news/adb-supports-strategic-road-upgrade-uzbekistan)
O‘rta yo‘lakning barqarorligini oshirish va modernizatsiya qilish loyihasi Qoraqalpog'iston Respublikasidagi «G'uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu» (A380) avtomobil yo‘lining taxminan 87 km qismini rekonstruktsiya qilishni nazarda tutadi. Loyiha doirasida 75 km uzunlikdagi yangi aylanma yo‘l («To‘rtko‘l — Ellikqal’a — Beruniy») qurilishi hamda mavjud A380 avtomobil yo‘lining 12 km qismini qayta qurish rejalashtirilgan.
Loyiha iqlimga chidamli echimlar, jumladan, tsement-beton qoplamalar, baland ko‘tarmalar va takomillashtirilgan drenaj tizimlarini joriy etishni nazarda tutadi. Bu esa, iqlim ta'siri va ekstremal ob-havo sharoitlariga chidamlilikni oshiradi.
Mazkur investitsiya O‘zbekistonning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi va Qoraqalpog'istonda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi. Iqlimga chidamli infratuzilma va aqlli transport tizimlarini qo‘llash orqali loyiha uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlashga xizmat qiladi, shu bilan birga, aholi va tadbirkorlar uchun xavfsizroq va samaraliroq harakatlanish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, loyihada yo‘lak bo‘ylab beshta dam olish va xizmat ko‘rsatish maskani tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ularda, jumladan, elektromobillarni quvvatlash shoxobchalari hamda ayollar uchun xavfsiz va qulay sharoitlar yaratiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 293,7 million dollarni tashkil etib, O‘zbekiston hukumati 60,6 million dollar miqdorida hissa qo‘shadi.