112 yoshli Norjon momoga «Shuhrat» medali topshirildi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g'risida»gi
Prezident Farmonida Beruniy tumanida yashovchi Norjon momo Zaripova ham o‘rin olgan edi.
«Shuhrat» medaliga munosib deb topilgan N.Zaripovaga Prezidentimizning yuksak mukofotini Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov topshirdi va bayram munosabati bilan tabrikladi.
Umrini dalada oddiy ishchi bo‘lib o‘tkazgan N.Zaripova paxtachilik va g'allachilik sohasida katta tajriba orttirib, mo‘l paxta va g'alla etishtirish borasida samarali mehnat qilgan.
1913 yilda tug'ilgan 112 yoshli onaxon butun umri davomida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘lida xizmat qilgan bo‘lsa, bugungi kunda Vatanimizga tinchlik, el-yurtimizga omonlik, yoshlarimizga kuch-g'ayrat tilab kelmoqda. Norjon momo bugungi kunda tarbiyalab voyaga etkazgan 9 farzandi, 30 nabirasi, 60 nevarasi, 11 evarasi bag'rida hammani hamjihatlikka chorlab yashab kelmoqda.