Jo‘qorg‘i Kenges Raisi To‘rtko‘l, Beruniy, Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Bo‘zatov va Qonliko‘l tumanlaridagi tadbirkorlar bilan uchrashdi
Tadbirkorlar bugungi kunda iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratishda ham muhim hisoblanadi. Ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda esa, bevosita yaqin muloqot orqali muammolariga yechim topish bugungi kun talabi ekanini alohida ta’kidlashimiz kerak.
Ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlarning davomi sifatida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligidagi Nukus shahrida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda yangi loyihalarni ishga tushirishda uchrayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish, investitsiya loyihalarini ishga tushirish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Unda To‘rtko‘l, Beruniy, Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Bo‘zatov va Qonliko‘l tumanlaridagi tadbirkorlar, mazkur tuman hokimlari hamda mutasaddi vazirlik, idora rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ayrim soha mutasaddilarining o‘z ishiga loqaydlik bilan qarashi va boshqa sabablarga ko‘ra uchrayotgan muammolar yuzasidan yaqindan fikr almashildi, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar tinglandi va bildirilgan murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topish choralari ko‘rildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, tez fursatda ijobiy echim topish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.