Davlatimiz rahbari barcha muallim, professor va o‘qituvchilarni samimiy muborakbod etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazmoqda. Tadbirga barcha hududlardan 40 mingdan ziyod pedagoglar ulangan.
So‘zining avvalida davlatimiz rahbari o‘z hayotini yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishdek dunyodagi eng ulug‘ ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha muallim, professor va o‘qituvchilarni – bir millionlik pedagoglar jamoasini ana shu qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
O‘tgan hafta jonkuyar o‘qituvchi va murabbiylar, ta’lim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhini davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlash haqida Prezident farmoni imzolandi.
Ular orasida soha xodimlari bilan bir qatorda o‘z mablag‘i hisobidan ta’lim maskanlari qurgan, ta’mirlagan saxovatpesha tadbirkorlar, ta’limdagi ilg‘or yutuqlarni joriy qilishga ko‘maklashayotgan xorijiy hamkorlarimiz, hududida ta’lim rivoji uchun zarur sharoit yaratib berayotgan hokimlar ham bor.
Davlatimiz rahbari yuksak unvon, orden va medallarni o‘z egalariga topshirdi.