Kelajak – zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yangi kasb egalariniki bo‘ladi – Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazmoqda.
–Biz yoshlarimizni nafaqat zamon bilan hamnafas, balki kelajakka tayyor qilib tarbiyalashimiz kerak. Hech qachon unutmaylik, kelajak – zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yangi kasb egalariniki bo‘ladi,– dedi davlatimiz rahbari.
Iqtisodiyotimizga yiliga 30-35 milliard dollar investitsiya, yangi yo‘nalishlar, zamonaviy texnologiyalar kirib kelyapti, minglab korxonalar ishga tushyapti. Shuning o‘zidan yiliga 250-300 ming atrofida yuqori daromadli ish o‘rinlari paydo bo‘lyapti.
Bu joylar, eng avvalo, yoshlarimiz ishli bo‘lishi uchun qo‘shimcha imkoniyat. Lekin ular zamonaviy texnologiya va xorijiy tillarni bilishi, kasbiy ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishi zarurligi ta'kidlandi.
2026 yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishi qayd etildi.
Shu maqsadda Kasbiy ta'lim agentligi tashkil qilinmoqda. Ushbu agentlik va hokimlarning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi.