Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev Amudaryo tumanida aholining turmush farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bordi.
Dastlab, «Beshtom» mahallasi hududidagi «Amu karavan hotel» MChJ tomonidan tashkil etilgan mehmonxona xizmati loyihasi ko‘rib chiqildi. Jo‘qorg'i Kenges Raisiga oldindagi rejalar taqdim etildi.
Bundan so‘ng, «Choyko‘l» OFY hududidagi «Choyko‘l Do‘stlik» fermer xo‘jaligi dalasida Xitoy davlatidan olib kelingan paxta terish mashinasining ish jarayoni, yangi texnikaning imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi. «Bekman Allaberganov» fermer xo‘jaligining ekin maydonidagi terimchilar holidan ham xabar olinib, ilg'or terimchilarga sovg'alar topshirildi.
Jo‘qorg'i Kenges Raisi «Oybek» mahallasidagi «Oybek mebel» MChJ tomonidan yo‘lga qo‘yilgan mebel ishlab chiqarish loyihasi, «Yoqubboy Ashirov» fermer xo‘jaligi tomonidan Xitoy texnologiyasi asosida ishga tushirilgan paxta, g'alla va boshqa donli ekinlar urug'larini qayta ishlash loyihasi bilan tanishib, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga yaqindan yordam berish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlarni berdi.
«Do‘rmon» ovul fuqarolar yig'ini hududida «Sayxunobod tajribasi» asosida bir kontur - bir mahsulot o‘lchami bilan yangidan tashkil etilgan issiqxonalar faoliyati ham ko‘zdan kechirildi.
Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirish jarayonida Xitoy davlatidan kelgan investorlar tashkil etgan «EverPROSPER INVESTMENT CONSULTING» MChJ tomonidan «Yangi O‘zbekiston» massivi hududida 600 xonadonli ko‘p qavatli uylarni qurish loyihasiga start berildi.