Qoraqalpog'istonda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hajmi oshirilmoqda
Mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz turmush farovonligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish ishlari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi, desak mubolag'a bo‘lmaydi. Chunki, yangi tahrirdagi bosh qomusimizda ham "Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy davlat" degan tamoyil qat’iy belgilab berilib, shu orqali "Inson qadrini ulug'lash" degan ezgu g'oya asosidagi amaliy ishlar yangi bosqichlarga olib chiqilmoqda.
Yaqin qisqa davr ichida ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish maqsadida Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ilgari alohida faoliyat yuritgan o‘nlab ijtimoiy himoya, nogironlik va kambag'allikka qarshi kurashish dasturlari jamlanib, fuqarolarimizga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifati oshirildi. Sifatli ta'lim va tibbiy xizmat, bolalar, ayollar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta'minlash va uy-joy bilan ta'minlanishi masalalariga echim topish bo‘yicha ishlarga alohida sur’at kiritildi. Albatta, bu xizmatlar orqali, ming-minglab fuqarolarning turmushi yaxshilanishiga erishildi.
Yaqin 2 yil ichida, xizmatlarni raqamli platforma orqali birlashtirish natijasida O‘zbekiston bo‘yicha 92 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxsga ish topishda, 10 mingga yaqin shaxsning mustaqil mehnat faoliyatini boshlashiga yaqindan yordam berildi. Qoraqalpog'istonda esa 5,5 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxsning ish topishiga yordam ko‘rsatildi.
O‘zbekiston bo‘yicha "Kambag'allik reestri"ga esa, 621 ming oila kiritilgan bo‘lsa, Qoraqalpog'istonda bu ko‘rsatkich 39 089 oilani tashkil etdi va reestrga kiritilgan har bir oila uchun individual reja ishlab chiqilib, qilingan amaliy ishlar natijasida bugungi kunda 7 837 oila kambag'allikdan chiqarildi.
Shuningdek, "Yolg'iz keksalar reestri" orqali mamlakatimiz bo‘yicha kundalik hayotini mustaqil boshqara olmaydigan 17 ming 800 nafar shaxs qamrab olingan bo‘lsa, Qoraqalpog'istonda 1 ming 411 nafar shaxs qamrab olindi va bugungi kunga qadar 200 nafardan ortiq shaxs ro‘yxatdan chiqarildi. 392 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg'iz va yolg'iz yashovchi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hujjatlarini rasmiylashtirish va qayta tiklashga ko‘maklashildi. Bundan tashqari, 2 334 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga salomatligini tiklashi uchun sanatoriylarga yo‘llanmalar berildi.
2 090 nafar alohida ta'limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni psixologik-tibbiy pedagogik komissiya ko‘rigidan o‘tkazish uchun arizalar qabul qilinib, 1 159 nafar bolaga ta'lim muassasalari uchun yo‘llanmalar berildi. Hozirgi vaqtda imkoniyati cheklangan 8 030 nafar bola ta'lim bilan qamrab olingan. Shuningdek, 117 ta umumta'lim maktablarida tashkil etilgan 194 ta inklyuziv sinflarda 265 nafar bola, 6 ta korreksion sinflarda 52 nafar bola ta'lim olmoqda.
Prezident qarori asosida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun "Kunduzgi parvarish xizmati" tashkil etilib, PTPK tomonidan xulosa berilgan jami 218 bola xizmatga qamrab olindi.
Bundan tashqari, yil boshidan 4 601 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar yangidan ro‘yxatga olindi, 3 971 nafar shaxsga birlamchi nogironlik guruhi, 10 219 nafar shaxsga qayta nogironlik guruhi belgilandi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga qamrab olish maqsadida respublikamizdagi 24 sport maktabida 115 murabbiy rahbarligida 910 para sportchi sport bilan qamrab olindi. Birgina joriy yilning o‘zida ushbu sportchilar tomonidan jahon va xalqaro turnir chempionatlarida jami 147 medal qo‘lga kiritildi.
Prezidentimiz topshirig'i bilan "Faol hayotga qadam" dasturi doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yo‘lga qo‘yilgan yangi ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatuvchi 21 ta tadbirkor, 43 ta o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, 2 ta muassasa xizmatlari "Oila hamkori" platformasi orqali market pleysda shakllantirildi. Bugungi kunda ushbu xizmatlardan 1810 nafar yolg'iz va yolg'iz yashovchi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanmoqda.
Joriy yilda uy-joyga muhtoj 87 nafar etim va ota-ona qaramog'idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta'minlash rejalashtirilgan bo‘lib, shundan, bugungi kun holatiga 60 ta uy-joy o‘z egalariga topshirildi.
Bugungi kunda Qoraqalpog'istondagi 452 mahallada yashovchi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga 109 turdagi xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Buning natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning ijtimoiylashuviga erishildi. Albatta, xalqimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash va farovon hayotini ta'minlash yo‘lidagi ishlar bundan buyon ham davom ettiriladi.