Administratsiya rahbarining o‘rinbosari Yuridika fakulteti talaba-yoshlari bilan uchrashdi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Raisi Amanbay Orыnbaev, Prezident Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Nodira Hakimova va O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyasi Malikaxon Qalandarovalar ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlar universitetda ta'lim jarayonlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng Yuridika fakulteti talaba-yoshlari bilan uchrashib suhbatlashdi. Uchrashuvda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Raisi Amanbay Orыnbaev so‘zga chiqib, mamlakatimiz kelajagini barpo etishda yoshlarning o‘rni va mas’uliyatini alohida ta'kidlab o‘tdi. Muloqot davomida mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, ularning jamiyat hayotidagi ahamiyati va yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘zlab berildi.
Talabalar bilan suhbat davomida ularning savollari tinglanib, huquqiy ong va madaniyatni oshirish, shuningdek, yoshlarning huquqiy sohada faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashga oid fikrlar bildirildi. Ushbu uchrashuv talabalarda huquqiy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, shuningdek, ularni sud-huquq tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmuni bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.