Nukus shahrida «Markaziy Osiyo pedagoglari» xalqaro forumi o‘tkazilmoqda
Bugun Nukus shahrida «Markaziy Osiyo pedagoglari» xalqaro forumi boshlandi.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor haqida ta'kidlab o‘tdi.
Darhaqiqat, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ta'lim-tarbiya tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, o‘quv jarayoniga ilg'or tajribalar, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, pedagoglarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, o‘quvchi yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini o‘rgatish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘tkazilayotgan forumda Markaziy Osiyo davlatlarining etakchi pedagoglari, ta'lim sohasi fidoyilari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlar hamda Kembrij universiteti vakillari ishtirok etmoqda.
«Barqaror kelajak - ekologik ta'limdan boshlanadi» degan g'oya asosida o‘tkazilayotgan bugungi Xalqaro forum Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda, pedagoglar uchun tajriba almashish platformasini yaratishda va mintaqaviy ta'lim tizimini rivojlantirishda, xalqaro yaqin hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Forum doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.