Nukus suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi
Nukus shahridagi Nukus suv tozalash inshootining rekonstruktsiyadan keyingi qayta foydalanishga topshirilishi munosabati bilan ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev va «O‘zsuvta'minot» jamiyati boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov so‘zga chiqib, yig'ilganlarni tabrikladi.
Ta'kidlash joizki, oldin «Nukus suv tozalash» inshootida umumiy quvvati bo‘yicha sutkasiga 60 ming kub metr suv etkazib berish imkoniyati mavjud bo‘lgan bo‘lsa, Prezidentimizning maxsus qarori bilan 86,6 mlrd. so‘m mablag' asosida rekonstruktsiya ishlari olib borilib, bu ko‘rsatkich 90 ming kub metrga etkazildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan qamrab olish esa, 279 ming nafardan 340 ming nafardan ortiq fuqaroga etkazildi.
Bundan tashqari, Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlarida "Jahon banki"ning 78 mln. dollarlik mablag'lari hisobidan 286 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari va ob’ektlarida qurilish ishlari boshlanmoqda. Shuningdek, Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng'irot, Mo‘ynoq va Nukus tumanlarida Osiyo taraqqiyot bankining 145 mln. dollarlik mablag'lari hisobidan ichimlik suv ta'minotini yaxshilash ishlari davom ettirilmoqda.
Bugungi tantanali tadbir davomida "O‘zsuvta'minot" jamiyati tomonidan suv tozalash inshooti va oqova suv tarmoqlari korxonalariga maxsus avtotransport vositalari topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.