O‘zbek tili bayramining 36 yilligi keng nishonlandi
Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 21 oktyabr - O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig'ilganlarni bayram munosabati bilan tabrikladi.
Ta'kidlanganidek, tilimizga bo‘lgan hurmat - bu ko‘p millatli xalqimizning ma'naviy dunyosini yanada boyitishga, milliy asrab-avaylash va ularni ulug'lashga qaratilgan g'amxo‘rlikning ifodasidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, bu borada o‘zbek tilini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llash doirasini kengaytirish, filolog kadrlarni tayyorlash choralarining yangi bosqichlarga ko‘tarilgani - bu mamlakatimizda davlat tiliga bo‘lgan alohida e’tibor ifodasidir.
Shuni unutmasligimiz kerakki, davlat tilining sofligi - bu yurtimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz kelajagini belgilaydi. U o‘sib kelayotgan yoshlarni ona-Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda va milliy urf-odat, asrab-avaylashda muhim o‘rin tutadi.
Bayram tadbirida davlat tilining hayotimizdagi ahamiyati keng ta'kidlandi.
Tadbir san’at va madaniyat xodimlari tomonidan tayyorlangan kontsert dasturi bilan davom etdi.






