Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashida ishtirok etdi
Joriy yilning 22-oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Rossiya delegatsiyasiga Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, O‘zbekiston tomoniga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev rahbarlik qildi.
Ushbu tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikning yuksak darajasini yana bir bor tasdiqladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Forumda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev rahbarligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Unda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimizning alohida e’tibori bilan Qoraqalpog‘istonning investitsion jozibadorligini oshirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash yangi bosqichga ko‘tarilganligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, forumda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zaro aloqalar va madaniy-gumanitar sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, elektron savdo, qo‘shma sanoat korxonalarini tashkil etish, ulgurji savdo-taqsimot markazlarini rivojlantirish, shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash uchun dual ta’lim tizimini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida Rossiya va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalarni qamrab olgan 30 dan ortiq hujjatlar imzolandi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi va Rossiyaning Boshqirdiston, Buryatiya va boshqa hududlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.



