Hurmatli qishloq xo‘jaligi xodimlari!
Sizlarni bugungi mehnat g‘alabasi – Qoraqalpog‘iston Respublikasining paxta topshirish rejasining bajarilgani munosabati bilan butun xalqimiz nomidan samimiy tabriklaymiz.
2025-yil hosili uchun 80 ming gektar ekin maydonlariga chigit ekilib, 315 ming 200 tonna hosil yig‘ib olish belgilangan edi. Mehnatsevar paxtakorlarimizning fidokorona xizmatlari tufayli bugun bu marraga erishilib, reja 315 ming 345 tonna etib to‘liq bajarildi.
Bu natijaga erishish yo‘lida Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a, Taxiatosh tumanlari birinchilardan bo‘lib o‘z rejasini bajardi. Bundan so‘ng, Nukus tumani, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l va Qorao‘zak tumanlari belgilangan marrani zabt etdi. Taxtako‘pir, Shumanay va Kegeyli tumanlari paxtakorlari ham o‘zining salmoqli hissasini qo‘shdi.
Bu yilgi hosilni yig‘ib olishda, respublikamizning barcha fermerlari, dehqonlari, klaster korxonalari jamoalari, suvchi-irrigatorlar, agronom-mexanizatorlar, sohaning barcha bo‘g‘in vakillari bilan birga mehnatkash xalqimizning hamjihatlik bilan o‘z hissasini qo‘shgani ko‘ngillarga iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlamoqda.
Shuni ham alohida ta’kidlash joiz, paxtadan mo‘l xirmon to‘plashda hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan, texnika olishdagi bir qator imtiyozlarni beruvchi maxsus 66-sonli qarori asosida respublikamizga olib kelingan 1 000 dan ortiq yangi texnika va agregatlarning ham hissasi salmoqli. Ayniqsa, paxta terimini mexanizatsiyalashtirish borasidagi muhim qadamlardan biri bo‘lgan 60 dan ortiq paxta terish mashinalarining olib kelinib, dala maydonlarida xizmat qilishi hosilni yig‘ib olishda paxtakorlarga alohida kuch-g‘ayrat bag‘ishladi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Hurmatli soha fidoyilari!
Sizlarni yana bir bor paxtadan mo‘l xirmon qilishdagi mehnat g‘alabangiz bilan qizg‘in tabriklaymiz. Muvaffaqiyatingiz yildan yilga oshaversin!
Amanbay Orınbaev
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi
