Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tantanasi o‘tkazildi
Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida "Ichki ishlar organlari xodimlari kuni" munosabati bilan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, soha fidoyilari va faxriylarini bugungi bayram munosabati bilan tabrikladi.
Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari B.Valiyev, Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlarining ish samaradorligini yanada oshirish, sohani insonparvar va xalqchil tizimga aylantirish, ochiqlik va shaffoflik muhitini kuchaytirish, bu yo‘lda fidokorona mehnat qilayotgan soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Soha xodimlari o‘z vazifasini mukammal bajarish yo‘lida, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini saqlash, xalqimizning farovon turmushini ta’minlash kabi ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha ezgu ishlar olib bormoqda.
O‘tkazilgan bayram tantanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus qarori bilan taqdirlangan soha vakillariga faxriy unvonlar topshirildi.
Shuningdek, mas’uliyatli vazifalarni bajarib kelayotgan bir qator soha vakillari va faxriylar Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qarori asosida ko‘krak nishonlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyrug‘iga asosan bir guruh safdagi xodimlar ko‘krak nishoni, muddatidan oldin maxsus unvonlar, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bayram tantanasi san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.











